Wishlist: Locations

Moviy Alangali vulqonga sayohat (sayohat xotiralari va tavsiyalar)

  • Jan 27, 2021
  • 363

Agar siz bir kechalik uyqudan voz kechib, yarim tunda 3 soatdan ko'proq poyu-piyoda yo'l yurib, vulqon kratori ichiga tushish, dunyodagi eng kamyob (faqat Islandiya va Indoneiyada) tabiat mo'jizasini ko'rish, dunyodagi eng katta kislotali vulqon ko'lini o'z ko'zingiz bilan ko'rishga tayyor darajada sarguzashtparast bo'lsangiz, unda, bu sayohat aynan siz uchun tavsiya etiladi. Maqolam siz mo'ljallayotgan sayohat oldidan tayyorgarlik uchun foyda keltiradi degan umiddaman.


Quyida maqolamizning umumiy mundarijasi:

1.Kawa Ijen vulqoni haqida qisqacha ma’lumot

2.Kawa Ijen vulqoniga sayohat kimlar uchun tavsiya etiladi?

3.Kimlar uchun Kawa Ijen sayohati tavsiya etilmaydi?

4.Sayohatning esda qolarli jihatlari?

5.Qachon sayohatga borgan maqul?

6.Qanday yetib olish mumkin?

7.Sayohatga qanday tayyorgarlik ko’rish kerak?

8.Muhim eslatma va tavsiyalar.

1. Kawa Ijen vulqoni haqida qisqacha ma’lumot

  Kawa Ijen vulqoni Indoneziyaning Yava oroli sharqiy qismida Banuwangi provinsiyasida joylashgan 20 kilometrga cho’zilgan bir nechta vulqon kratorlaridir. Gunung Merapi – indonez tilidan so’zma-so’z tarjima qilinganda “olovli tog’” o’zining noyob tabiiy fenomeni bilan butun dunyodan sayyohlar e’tiborini jalb etib keladi.

ESLATMA: Mount Merapi ni Sumatra oroldagi Mount Marapi bilan adashtirmang.

              

Vulqonning sayyohlar etiborini tortuvchi tabiiy fenomon –yarim tunda alangalanuvchi moviy olovi mavjud. Qadimiy krator ichidagi ushbu fenomon fosfor hamda kislorod reaksiyaga kirishishi natijasida yuzaga keladigan suyuq ko’rinishdagi gazdir.

Ikkinchidan krator ichida shakllangan dunyodagi eng katta kislotali ko’ldir. Uning diametri qariyib bir kilometr bo’lib, krator ichi ayni paytda o’zida qiyinchiliklarga to’la taqdirlardan hikoya qiluvchi fosfor koni ham sanaladi. Konchilar har kuni hayotini xavfga qo’yib, yelkalarida bambuk savatlar bilan 90-100 kilo fosfor ortib chiqib uni 8-10 dollarga pullab, shu kunlik ish haqi bilan oilalariga kirib borishadi.


Sarguzasht ishtiyoqidagi tog’ni, noyob tabiat hodisalariga qiziquvchilar, biroq charchoqdan, mashaqqatli yo’ldan qo’rqmaydiganlar uchun. Bu sayohatda siz shuningdek, haqiqiy fosfor konchilari ish hayotini kuzatish va solishtirish orqali sizga berilgan hayotdagi imkoniyatlar uchun haqiqiy shukronalikni dildan his qilasiz.


*Agar sizning sog’ligingizda, nafas olish yo’li bilan muammo bo’lsa;

*Ko’z shilliq pardangiz ta’sirchanligi yuqori bo’lsa;

*Zinadan chiqqan paytingizda nafasingiz tez qisib qoladigan odatingiz bo’lsa;

*Ob havoda kutilmagan o’zgarishlarga chidolmasangiz;

*Kechqurungi ko’rish qobilyatingiz past bo’lsa;

Yuqoridagilardan birortasi sizning holatingizga xos bo’lsa, unda ushbu sayohatga bormaganingiz maqul. Zero, sizning xavfsizligingiz birinchi o’rinda.


O'z sayohatimizdan kelib chiqqan holda eng esda qolarli jihatlardan biri eng avvalo, vulqonning pastki qismida joylashgan kemping hudud hamda avtoturargohga yetib kelishingiz bilanoq havoda fosfor tununi hidini sezasiz. Siz tasavvur qilishingiz oson bo’lishi uchun uni paqqildoq portlagandagi, porx tununi hidiga qiyoslashingiz mumkin. Faqat sal kuchliroq. Bundan tashqari quyidagi eng esda qolarli jihatlar:

*Zangori olov;

*Fosfor konchilari va ularning mashaqqatli hayot tarzi;

*Oddiy konchilar fosfor toshdan yasagan suvinerlar;

*Kislotali ko’l;

*Quyosh chiqishidagi o’ziga xos manzara


Havo injiqligi va boshqa holatlarni inobatga olgan holda, vulqonga Quruq mavsumda ya’ni May oyidan Sentabr/Oktabr oralig’ida borgan maqulroq.

Shuningdek, ham zangori olovni ham kun chiqishidagi ajoyib manzarani ko’rishga ulgurmoqchi bo’lsangiz, yarim tunda toqqa chiqishni boshlashingiz lozim.

Moviy alangali krator ichida, kun chiqish manzarasi esa krator tepasidaligini inobatga oling. Sababi Kemping hududdan krator tepasiga yetib borguncha o’rtacha 1.5-2 soatcha vaqt ketadi, Krator ichiga tushish uchun esa 45-50 minutcha, uning ichidan chiqish uchun ham 50 daqiqadan kam vaqt ketmaydi. Afsuski, biz sayohat qilgan payt charchoq tufayli, rejaladan chiqib ketdik va kun chiqishini ko’rishga vaqtida ulgurmadik. Maqola boshida kelgan vulqon tepasidan olinga kun chiqishi manzarasining surati Indoneziya turizm vazirligi PR markazi fondidagi rasmlardan foydalanilgan.

23:00 | Uyg’oning (bu albatta siz qolayotgan mehmonxona qay darajada, vulqonga yaqinligiga bog’liq)
23:30 | Ijen vulqoniga maxsus yo’ltanlamas jiplarda yo’lga chiqish
1:00 | Kemping hududdan krator tepasiga trekking boshlash
2:30 | Krator tepasidan, krator ichiga tushishni boshlash
3:15 | Zangori olov va oksidli ko’l manzarasidan bahramand bo’lish
4:00 | Krator tepasiga qaytib chiqish
4:45 | Krator tepasidagi quyosh chiqishini ko’rish uchun eng qulay joyga yetib olish
5:00 – 6:00 | Ulkan vulqon kratori uzra quyosh chiqishining ajoyib manzarasidan rohatlanish
6:00 – 7:15 | Krator tepasidan kemping hududga qaytish
8:00 – 9:30 | Mehmonxonaga qaytish.

Siz eng avvalo qaysi hududda ekaningizni inobatga olishingiz lozim. Bali, Surabaya yoki allaqachon Banuwangida. Agar, Surabaya yoki Balida bo’lsangiz dastlab Banuwangiga yetib olishingiz va bemalol mehmonxona bron qilib keyin harakat qilishingiz ma’qulroq. Ammo vaqtingiz bunga yetarli bo’lmasa, unda sizga har uchala variantni ham keltirib o’tamiz.

Agar allaqachon Banguwangida bo’lsangiz:

            Shaxsiy haydovchi yollash – o'zim sayohat rejalashtirishni yoqtirganim sababli, biz o’z sayohatimiz uchun aynan shu yo’ldan foydalanganmiz. Banyuwangidan Vulqonga oborib, qaytib olib kelish uchun ko’plab haydovchilar topiladi. Odatda haydovchi xizmat haqqi 50-60 dollar atrofida bo’ladi (Albatta bu narx siz qayerdan yo’lga chiqishingizga va mavsumga ham bog’liq)

Agar oldindan bron qilib qo’ymoqchi bo’lsangiz, online tur operatorlardan sayohat variantlarini ko’rishingiz mumkin. ( taxminan $55)

            To’liq tashkillashtirilgan turlarga qo’shilish – agarda siz uchun transport, kratorga kirish ruxsati, xavfsizligingiz uchun gidni, gaz maskani kimdir hal qilib qo’ygan bolishini xohlasangiz. Ortiqcha boshoriqlarsiz tayyor tashkillashtirilgan tur sotib olishishingiz mumkin. Buning uchun esa oldinnan online bron qilib qo’yishingiz kifoya. Odatda bunday turlar 60 dollardan boshlanadi va tur operatorga qarab, o’z ichiga transport, gid xizmati, kratorga kirish bileti, ba’zan gaz mask va mahalliy chipslarni o’z ichiga olgan bo’ladi.

3-variant – skuter yoki avtomobil ijaraga olib o’zingiz yetib olishingiz ham mumkin, biroq yo’lning tikka sharoiti va tunda harakatlanishingizga to’g’ri kelishini inobatga olib buni sizga maslahat bermagan bo’lardim. 


*Fosfor gazidan himoyalanish uchun niqob qatiyan tavsiya etiladi. Yomon tarafi tekking paytida nafas olishga halal beradi

*Eng avvalo ryudzakingizni tayyor qilib qo'yingda, ertaroq yotib uxlang. Sababi yarim tundagi trekking istalgan odamni charchatishi aniq.

*Fonar (kechqurun qorong'uda harakatlanishingizni inobatga olib, qo'lingizni band qilmasligingiz uchun boshga taqiladgan fonar maqsadga muofiq)

*Gaz maska olib oling yoki kiraverishda kemping hududda mahalliy aholidan ijaraga oling (krator ichida va atrofida fosfor tutunidan o’zingizni himoya qilish uchun). Odatda mahalliy aholi 2-3 dollar evaziga gaz niqobni vulqon trekking boshlanishda ijaraga berishadi va qaytayotganingizda qaytib olishadi. Aholi bu yerda jamoaviy kelishgan holda ishlashadi hamda maskalar kimga tegishliligini esa maskalardagi belgilardan ajrati olishadi.

*Bazi insonlar uchun harakat paytida gaz maskalardan foydalanish, nafas olishda qiyinchilik tug’dirishi mumkin. Har ehtimolga qarshi bunday holat uchun ryudzakingizga oddiy matodan tayyorlangan zahira maska joylab oling.

*Jaket, shapka – kechqurun havo yaxshigina salqin boladi, shu sabab issiqroq kiyim kiyishingizni tavsiya etamiz. Albatta vulqonga sayohat kechki bazmga borish emas. Sayohatdan keyin porx hidiga o’xshash fosfor hidi kiyimlaringizda 1 haftacha ketmasligini hamda vulqonga olib boruvchi so’qmoq atrofda vulqon kuli changlariga to’laligini inobatga olgan holda kiyimlaringizni tanlang. Sevimli kiyimlaringizni kiymaganingiz maqulroq.

Shuningdek, ichimlik suvi, pecheniya yoki 2-3 ta banan. ESLATMA: plastik chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketmang. Iloji boricha ryudzakingizga solib qo’ying va qaytishda kemping hududdagi maxsus idishlarga tashlang. Sizdan keyin tashriv buyiruvchi insonlar ham bu o’ziga xos chiroyli manzarani chiqindilardan holi ko’rishni istaydi.


*Sayohatingiz mobaynida mahalliy aholiga ayniqsa fosfor konchilariga hurmat bilan qarang. Ba’zan ular birga rasmga tushish uchun choychaqa so’rashadi yoki o’zlari yasagan fosfor toshli suvinerlarni olishingizni taklif etishadi. Agar xohlasangiz insof bilan savdolashib takliflarini qabul qiling. Mabodo xohlamasangiz shunchaki jilmayib “terima kasih, nanti” – ya’ni “rahmat, keyinroq” deb qo’ying.

*Suvinerlar uchun savdolashishingiz mumkin, ammo buni insof bilan qiling, sababi mahalliy aholi savdolashishda unchalik usta emaslar.

*Trekking tugagach kiyimlaringizni almashtirish uchun zahira kiyimlarni ryudzkingizga joylab oling. Sababi trekkingdan qaytgach kiyimlaringizga chang va fosfor hidi urib qolgan bo’ladi.

*Ayollar taqinchoqlarsiz sayohatga chiqishi qat’iyan tavsiya etiladi, sababi fosfor gazi ta’sirida taqinchoqlaringiz yaltiroqligi xiralashadi va ortiq qimmatbaho ko’rinmay qo’yadi.

*Agarda ko’zingizda kontakt linzalar bo’lsa, ularni yechib, o’rniga ko’z oykan taqib oling.

*Agarda vulqonda tashrif buyuruvchilar kamroq payt sizga maqul bo’lsa, unda Shanba, Yakshanba kunlari safarga chiqmang.

*Ryudzakingizni joylayotganda juda og’ir bo’lib ketmasligiga etibor bering.

*Sayohatga yaxshi kayfiyat bilan chiqing hamda yo’lda uchragan boshqa sayyohlar bilan ham yaxshi kayfiyat bilan muloqotda bo’ling. Shunda sayohatingiz yanada maroqli va esda qolarli sarguzashtga aylanadi.

*Gidsiz ham o’zingiz sayohat qilishingiz mumkin, biroq agar ko’proq xavfsizlik va qiziqarli ma’lumotlar olishni yoqtirsangiz, unda gid yollashni tavsiya etaman. Odatda mahalliy gidlarni 22-27 dollarga yollash mumkin. Agar 3-4 kishi bo’lsangiz gid xizmatini o’zaro taqsimlab to’lashingiz mumkin.

*Sizdan iltimos, agarda yelkasiga 2 ta bambuk savat to’la fosfor ortib kelayotgan konchilarni uchratsangiz, avval ularni o’tkazib yuboring, ularga yo’l bering va qiynalayotgan bo’lsa ham sizga yuzida yengil tabassum bilan bosh silkib qo’yishga kuch topishganini guvohi bo’ling. Siz-u biz uchun maroqli bo’lgan sayohat, ular uchun mashaqqatli hayot tarzi ekanini esda saqlang.

Tags :

Best Blog of 2020

Post Comments - 0

Add Comment

Search In Blog

Location for: Listing title